TOShKENT, 27 dek – Sputnik. Facebook ijtimoiy tarmog‘ining bayonot berishicha, AQSh Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni sanksiya ro‘yxatiga kiritgani sababli uning tarmoqdagi akkaunti yopib qo‘yilgan. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Checheniston rahbarining Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari ishlamay qolgandi.
Ilgariroq Ramzan Qodirov AQShning "Magnitskiy ro‘yxati" deb ataluvchi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgandi.
Qayd etilishicha, Checheniston rahbariga nisbatan sanksiyalar respublikada inson huquqlarining buzilayotgani sababli joriy etilgan.
Qodirov ushbu holatga kinoya bilan izoh berib, Vashington qarorini Amerikadan "mukofot" deb atagan va agar AQSh o‘zining butun boyliklari zaxirasini berganida ham, u davlatga hech qachon bormasligini ma’lum qilgandi.
"Amerikaga borib, u yerda biznes bilan shug‘ullanib, Manxettenda hisob raqamlarimni ochish haqidagi rejalarimni qirq yildan buyon pishitib kelardim. Endi esa Las-Vegasdagi kazinolarni ham, Bank of Americada saqlanayotgan milliardlarni ham ko‘ra olmayman", deb yozgandi Qodirov o‘zining Instagramdagi sahifasida.