TOShKENT, 26 dek – Sputnik. 2017-yilning 27-dekabr kuni Toshktent shahrida O‘zbekiston, Xitoy va Qirg‘iziston delegatsiyalarining "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li loyihasi bo‘yicha uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xitoy delegatsiyasiga Rivojlanish va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chiping, Qirg‘iziston delegatsiyasiga transport vaziri Jamshitbek Kalilov va O‘zbekiston delegatsiyasiga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Akbar Shukurov boshchilik qiladi.
Xabarda aytilishicha, 25-dekabrdan uch mamlakat vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan navbatdagi uchrashuv materiallari tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini bog‘lab turuvchi temiryo‘l loyihasi 20-yildan beri muhokama qilib kelinmoqda. Temir yo‘li Xitoydan boshlanib, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmanistondan o‘tib Eron va Turkiya orqali dengiz portlariga chiqishi rejalashtirilgan.