TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Rossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya sohasidagi bitimni amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda vakolatxonasini ochdi, deb ma’lum qildi O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov.
"Toshkentda Rossiya IIV vakolatxonasi ochildi. Bu o‘zaro hamkorligimizni amalga oshirishdagi muhim qadamdir. Tez orada Rossiyada bizning vakolatxonamiz ochilishiga umid qilamiz", dedi Muhitdinov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rostrud delegatsiyasi bilan uchrashuvda, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston.
Eslatib o‘tamiz, 21-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirdi. Mazkur Bitim O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-aprelda Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan.
Mazkur hujjat Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish bo‘yicha tomonlar hamkorligining tartibi va shartlarini belgilab beradi.