TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarni Rossiyada ishga joylash bo‘yicha bitimning to‘liq matnini e’lon qildi.
"Fuqarolarimizning ko‘p sonli murojaatlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-aprelda Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitimning to‘liq matni TIV internet resurslarida chop etilmoqda", deyiladi TIV xabarida.
Bitim 17 moddadan iborat bo‘lib, u Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish bo‘yicha Tomonlar hamkorligining tartibi va shartlarini belgilab beradi.
Unga ko‘ra, ishchilarga extiyoji bo‘lgan Rossiya ish beruvchilari, bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar, ish xususiyati, ish haqi, ish rejimi, ta’lim, kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar, ish stajiga bo‘lgan malaka talablari, ish beruvchi tomonidan chet ellik ishchiga taqdim etiladigan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risida axborotni axborot-tahliliy tizimda joylashtirish bo‘yicha faoliyatni tashkillashtiradilar.
Bitimda Rossiya va O‘zbekistondagi tegishli vazirlik va muassasalar – Rossiya Ta’lim va fan vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirliklarining vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Hujjatda yozilishicha, ish beruvchi mehnatkash-migrantlarni ishga qabul qilishda zaruriy sanitariya-gigiyena va boshqa meyorlarga muvofiq yashash joylari, mehnatning xavfsiz shartlari va mehnatni muhofaza qilish, shuningdek ish joylarida texnika xavfsizligini ta’minlashi va Rossiya qonun hujjatlarida belgilangan eng kam darajadan kam bo‘lmagan kafolatlangan mehnat haqini berishi shart.
Bitimning 7-moddasida ko‘rsatilishicha, mehnatkash-migrantlar Rossiya qonun hujjatlari va mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish huquqiga ega hamda ish beruvchi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasining rasmiy bayram kunlarida mehnat faoliyatidan ozod qilinishlari mumkin.
Mazkur bitim nomuayan muddatga tuzilgan bo‘lib, shu yilning 21-dekabr kuni kuchga kirdi.