TOSHKENT, 25 dek — Sputnik. Onalar va bolalar sogʻligʻini har tomonlama mustahkamlash hamda "Ona va bola skrining" markazlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha Oʻzbekiston prezidentining qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, respublikadagi "Ona va bola skrining" markazlari yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.
Homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollar markaziy koʻp tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tugʻishdan oldin ommaviy tekshiriladi.
Xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yoʻli bilan homilada tugʻma va irsiy kasalliklarning oldi olinadi hamda ularga barvaqt tashxis qoʻyish chora-tadbirlari takomillashtiriladi.
Homilaning genetik sindromi boʻyicha xavf guruhini aniqlash uchun homiladorlikning erta muddatlarida ayollar qoni bosqichma-bosqich biokimyoviy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qoʻyish usullarini takomillashtirish orqali chaqaloqlar ommaviy tekshiriladi, shuningdek, bemor bolalarni dori vositalari va davolaydigan ovqatlar bilan taʼminlash orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligi oshiriladi.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va "Sogʻlom avlod uchun" xalqaro nodavlat xayriya jamgʻarmasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, bolalar davolovchi ovqati, dori vositalari 2023 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinadi.