TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga bir qator imkoniyatlar yaratildi, deb xabar qildi Soliq qo‘mitasi matbuot-xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning tizimidagi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi 991-sonli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan "nol" qiymatda bino berish belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, xususiy investorlarning o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan binolarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 2023-yil 1-yanvargacha foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari uchun to‘lovning 50 foizi o‘z mablag‘lari hisobidan hamda qolgan 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanishi tartibi joriy qilindi.