TOShKENT, 26 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Filippin Respublikasida vayronkor toshqin va yer ko‘chishi yuz berib, ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan ushbu mamlakat Prezidenti Rodrigo Dutertega ta’ziya izhor etdi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.
Eslatib o‘tamiz, tropik dovul tufayli yuzaga kelgan ko‘chkilar va suv toshqinlari oqibatida Filippin davlati janubida 240 kishi halok bo‘ldi.
Bu haqda 25-dekabr kuni Manila Times nashri mahalliy hukumatga tayangan holda xabar berdi.
Nashr xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar yana 100 dan ziyod bedarak yo‘qolganlarni qidirish bilan shug‘ullanmoqda.
Mamlakatning eng yirik oroli bo‘lmish Mindanoning 52 ming nafarga yaqin aholisi vaqtinchalik boshpanalarda jon saqlamoqda. Orol shtormdan qattiq talafot ko‘rganligi aytilgan.