TOShKENT, 25 dek — Sputnik. 28 dekabr kuni "Istiqlol" san’at saroyida Enrike Iglesias konserti bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi Art Uz Promotion Agency matbuot xizmati.
Konsert mashhur biznesmen, milliarder Alisher Usmonov ko‘magida tashkil qilinmoqda.
Xozircha qo‘shiqchining konsert biletlari narxlari ma’lum emas. Mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga qaraganda, konsertga taklifnomalari davlat tashkilotlari tomonidan tarqatilmoqda.
Ispaniyalik xonandaning konserti chiptalari Madaniyat vazirligi va Yoshlar Ittifoqi, shuningdek, boshqa jamoat tashkiloti va Mehribonlik uylari orqali iqtidorli, faol yoshlarga tarqatiladi.
Bundan tashqari, o‘qishda va jamoatchilik ishlarida ma’lum bir yutuqlarga erishgan o‘quvchi va talabalar ham Enrike Iglesiasning konserti chiptalarini qo‘lga kiritishlari mumkinligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Enrike Iglesias 1975-yil 8-may kuni Ispaniyaning Madrid shahrida tug‘ilgan. Enrike Iglesias hozirgi kunda Lotin Amerikasi musiqasining eng taniqli qo‘shiqchisidir. Uning Bailando video klipi Youtube ijtimoiy tarmog‘ida 2,5 mlrd marotaba ko‘rilgan.
Iglesias Uitni Xyuston, Layonel Richi, Kelis, Sara Konnor, Shon Karett, Ciara, Pitbull, Nikol Sherzinger, Asher, Eykon, Djennifer Lopes, Alsu bilan duet qo‘shiq aytgan.
Enrikening ko‘shiq albomlari 116-marta oqoltin va 227-marta oltin sovriniga loyiq deb topilgan. Butun dunyoda 100 milliondan ortiq disklari sotilgan.
Qo‘shiqching Ring my bells, Escape, Bailamos, Hero qo‘shiqlari ham xit darajasiga chiqqan. Enrike Iglesiasning otasi Xulio Iglesias ham mashhur qo‘shiqchi bo‘lib, u ham 2008-yilda Toshkentga kelgandi.
Eslatib o‘tamiz, 15 va 17-dekabr kunlari rossiyalik biznesmen, milliarder Alisher Usmonov ko‘magi bilan boshqa taniqli xonandalar — Robbi Uilyams va Xose Karreraslarning Toshkentdagi konsertlari uyushtirgandi.