TOShKENT, 19 dek – Sputnik. O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev "Istiqlol" san’at saroyida konsert dasturini namoyish etadi. Bu haqda "O‘zbekkonsert" matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabar qilinishicha, hofizning "O‘zbegim" deb nomlangan konsert dasturi 19-22 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.
Anonsda dastur jonli ijroda bo‘lib o‘tishi ko‘rsatilgan. Sputnik muxbirining xabar qilishicha, chiptalar narxi 20 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha etib belgilangan.
Bastakor, shoir va aktor sifatida ham dong taratgan Sherali Jo‘rayev 1947-yilning 12-aprelida Andijon viloyatining Asaka tumanida tavallud topgan. 1966-1971 yillarda Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutida tahsil olgan.
Uning "Birinchi muhabbatim", "Turnalar", "Yigitlar", "Hurlar bormish jahonda", "Kelsa gar Navro‘zi olam", "Oshiqlaring sardori menman" singari qo‘shiqlari hali-hanuz sevib tinglanadi.