TOShKENT, 25 dek — Sputnik. 2017-yilda Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratishga, mintaqadagi siyosiy ishonchni sezilarli darajada oshirishga, hamkorlikning ko‘plab sohalarida yuqori natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldik, deb bayonot qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
Bundan tashqari, mintaqadagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat-kooperatsion, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suvdan oqilona foydalanish masalalari yechimida sezilarli darajada olg‘a siljish kuzatilayotgani aytilgan.
Qozog‘iston bilan strategik hamkorlik yangi iqtisodiy kelishuvlar bilan mustahkamlangani, Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolandi, Tojikiston bilan hamkorlikda esa ijobiy dinamikaga erishildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida imzolangan davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnoma tom ma’noda muhim voqea bo‘lib, bu ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sababli amalga oshdi, deyilgan bayonotda.