TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Bugun Toshkentda ilk bor xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi RIA Novosti.
"Poytaxtdagi 11 tumanda 330 saylov okrugi va 855 saylov uchastkasi tashkil etilgan", — deb ma’lum qildi Toshkent shahar saylov komissiyasi.
Saylov uchastkalari ertalab soat 6.00da ochildi va soat 20.00ga qadar ishlaydi.
Nizomga ko‘ra, har bir tumanga 30 nafardan deputat saylanishi belgilangan. Tuman Kengashlariga deputatlikka 1650 nafar nomzod ko‘rsatilgan.
Saylovda respublikada faoliyat yuritayotgan 4 siyosiy partiya hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z nomzodlari bilan ishtirok etmoqda.
Saylovning dastlabki natijalari ovoz berish yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Ovoz berishning yakuniy natijalari o‘n kun ichida e’lon qilinadi.