TOShKENT, 24 dek – Sputnik. Rossiya iste’molchilar huquqlari va inson farovonligini himoya qilish bo‘yicha federal nazorat xizmati (Rospotrebnadzor) O‘zbekistonga ekspress diagnostika qiluvchi mobil mikrobiologik laboratoriya taqdim etdi. Bu haqda Rospotrebnadzor matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika o‘lat, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar muhofazasi markaziga Rossiya Federatsiyasi tomonidan laboratoriya uskunalari, sarflanadigan ashyolar va diagnostik preparatlar taqdim etildi. O‘zbekistonlik mutaxassislar laboratoriyadan qanday foydalanish bo‘yicha ko‘nikma olishdi.
Taqdim etilgan qurilmalar O‘zbekistonda sanitar-epidemiologik vaziyatni barqaror ushlab turishga yordam beradi. Ular infeksiya qo‘zg‘atuvchilar hamda o‘ta yuqumli xavfli kasalliklar tabiiy o‘choqlarini epidemiologik nazorat qilishda qo‘llaniladi.
Rospotrebnadzor Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari moddalarini joriy etish va amalga oshirish bo‘yicha 2014-yildan buyon Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Hozirda mintaqa mamlakatlarida Rossiya tomonidan taqdim etilgan 10ta mobil laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda.