TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev "Tashkent Sity" xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashtirilgan loyihasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston hukumat portali.
Davlat rahbari shu yilning 28-oktabr kuni "Tashkent Sity" xalqaro ishbilarmonlik markazi barpo etilayotgan hududda bo‘lib, buyurtmachi va quruvchilar oldida turgan vazifalar, tashkiliy va moliyaviy masalalarni joyida muhokama qilgan, loyihalarni yanada takomillashtirish, qurilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Prezident topshiriqlar ijrosi yuzasidan takomillashtirilgan loyihalarni yana bir bor ko‘zdan kechirdi. Mirziyoyev xalqaro ishbilarmonlik markazining ma’muriy binosida bo‘lib, bu yerda yaratilayotgan loyihalar, ish jarayoni bilan tanishdi.
Prezident qurilishga jalb qilingan investorlar bilan suhbatlashdi. Ularning fikrlari va tashabbuslari bilan qiziqdi.
Shavkat Mirziyoyev "Tashkent Sity" xalqaro ishbilarmonlik markazida qurilayotgan bino va inshootlarning bir-biriga uyg‘un bo‘lishi, dizayn jihatidan biri ikkinchisini to‘ldirishi kerakligini ta’kidladi.
Markaz qurilishi ikki bosqichda yaqin to‘rt yilda yakuniga yetkaziladi.