TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikada xususiy davlat sherikchilik asosda bog‘chalar ochilishi haqida aytdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
"Janubiy Koreyada bog‘chada 2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning dunyoqarashini, ma’naviyatini, bilimini o‘zgartiradi. Kam bo‘lsa ham ikkita tilni, Vatanini sevishga o‘rgatadi, va eng asosiysi — har kuni uch mahal sifatli ovqat beradi. Bizni qishloqdagi 3-4 ta bolali ayollarimiz, onalarimiz, qizlarimiz qayerga borsin, sveti, gazi bo‘lmasa, bog‘chasi ham bo‘lmasa. Ana shu adolatsizlikni men o‘ylayman, joyiga qo‘ydik. Bu albatta qiyin, oson ishning o‘zi yo‘q. Lekin biz bu yerda bitta narsani — onani rozi qilishga harakat qilsak, hamma ishimiz o‘ngidan keladi", — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident, bu borada Janubiy Koreya maktabgacha ta’lim tizimi borasida tajribasi hokimlar bilan kelishib olinganligi va qaror qabul qilinganligini ma’lum qildi.
"Agar qishloqlarda xususiy davlat sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim tarbiya tizimini qurganga kreditni ham arzon beramiz, 50 foiz gaz bilan svet narxini davlat o‘zi to‘laydi", — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning ushbu taklifi yig‘ilish qatnashchilari tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.