TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Joriy yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Prezident nutqida ko‘plab sohalar qatorida ommaviy axborot vositalari faoliyati, xususan, internet-nashrlarga alohida e’tibor qaratdi.
Prezident o‘z so‘zida, jamiyat hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashga ommaviy axborot vositalar muhim va ta’sirchan omil hisoblanishi, bu borada chinakam professional zamonaviy jurnalistika shakllantirish, xususan nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot tahliliy internet saytlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish, buning uchun alohida davlat fondi tuzish vaqt soati kelganligini aytdi.
"Bugungi kunda O‘zbekistonda 1,5 ming dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mulk shakli, yo‘nalishi, axborot uzatish vositalariga ko‘ra turlichadir. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Afsuski, bunday keng ko‘lamli vazifani bir joyda markazlashtirgan holda hal etadigan tayanch oliy o‘quv yurti mamlakatimizda mavjud emas", —deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Prezidentning ushbu taklifi yig‘ilish qatnashchilari tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.