TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida so‘zlagan nutqida bir qancha amaldorlarni qattiq tanqid qildi. Prezident O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzilla Norboyevaning faoliyati va umuman, O‘zbekistondagi xotin-qizlar ahvoliga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidenti ayollar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari soat sayin oshayotganini alohida qayd etdi.
"Norboyevaga o‘xshagan "kottakonlar" statistika berishning o‘rniga mana shu holat haqida bong urishi kerak", — dedi prezident.
Prezident shundan so‘ng Xotin-qizlar qo‘mitasi kerakmi-yo‘qmi o‘zi, degan masalani o‘rtaga tashladi va modomiki kerak ekan, uning faoliyati qay yo‘sinda bo‘lishi kerak, shu haqda yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerakligini aytdi.