TOShKENT, 22 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida arzonlashtirilgan uylar qurilishi borasida ham fikr bildirdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar bermoqda.
“Ilgari qurayotgan 6 sotixli uylarimiz ancha qimmat edi. Tan olaylik, yangi ish o‘rinlari yaratmasdan, aholiga daromad manbasi yaratmasdan, oddiy odamlarga bunday uylarni sotib olishga imkoniyat berish qiyin edi. Natijada uylarni asosan bozor direktorlari va boshqalar sotib oldi. Bundan avvalgi loyihada qurilgan uylarning 35-40 foiz bo‘m-bo‘sh turibdi, chunki ular nevarayu evaralarga olib qo‘yilgan. Shuning uchun biz oddiy aholi ham sotib olsin degan niyatda arzonlashtirilgan uylarni qurishga qaror qildik. Shifokorni ham, muallimni ham farzandlari bor, axir”, dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekiston tarixida ilk bor prezident Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llamoqda.