TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Ufadagi magazinlardan birida O‘zbekiston fuqarosi 23 yoshli ayolni pichoqlab o‘ldirdi va o‘z joniga qasd qilishga urindi, deb xabar berdi Rossiya tergov qo‘mitasining Boshqirdiston bo‘yicha tergov boshqarmasi.
Xabarda aytilishicha, voqea 20-dekabr kuni yuz bergan.
"Tergov xulosasiga ko‘ra, 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi o‘zi bilan birga yashaydigan ayol u bilan munosabatlarni davom ettirishga rozi bo‘lmaganidan keyin uning tanasiga 17-marta pichoq urgan. Olingan jarohatlar oqibatida 23 yoshli ayol voqea joyida halok bo‘lgan", — deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng u o‘z joniga qasd qilishga uringan va og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
"Gumondorga nisbatan qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovchilar fojia guvohlarini so‘roq qilishmoqda", — deb ma’lum qildi boshqarma vakili.
Mahalliy OAVning xabar berishicha, fojia 21-dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Erkak sevgilisi ortidan oziq-ovqat magazinigacha kelgan. U magazin ichida ayolga guldasta bermoqchi bo‘lgan, lekin ayol guldastani olishga unamaganidan so‘ng yonidan pichoq chiqarib unga ketma-ket zarba bergan.
Ayolning o‘lganiga ishonch hosil qilganidan so‘ng esa o‘zini ham o‘ldirishga uringan.