TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Qozog‘istonning Kostonay viloyatida ikki erkak o‘zlariga tanish bo‘lgan ayolni xafa qilgan boshqa bir erkakni bo‘ynini qayirib o‘ldirishdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qozog‘iston nashri.
Xabarga ko‘ra, Borovskoe qishlog‘ida yashovchi ayol ikki yilcha bir erkak bilan yashagan, ammo juftlik oxir-oqibat ajrashgan. Ayol tez orada boshqa bir erkak bilan yashay boshlaydi. Sobiq xushtor esa ayolni tinch qo‘yishni xayoliga ham keltirmaydi. Shundan so‘ng ayol erkakni urganlikda ayblab politsiyaga murojaat qiladi.
Mash’um 18-fevral sanasida ayolning uyida uning yangi eri, opasi, pochchasi va opasining tanishi yig‘iladi. Mehmonlarning hammasi ayolni himoya qilishga shay holatda edi.
Nihoyat uyga ayolning sobiq xushtori qadamranjida qiladi. Suhbat davomida ular o‘rtasida janjal ro‘y beradi. Ayolga yordam berish ilinjida uydan yugurib chiqqan opani erkak yon tomonga uloqtirib, qovurg‘asini sindiradi va sobiq xotinini yerga yumalatib, do‘pposlay boshlaydi.
Shundan so‘ng uydagi erkaklar unga lopatka va tayoq bilan hamla qilib, mashina ichiga tiqishadi. Yo‘l-yo‘lakay uni pichoqlab, so‘ngra bo‘ynini qayirib o‘ldiradilar. Jinoyat izini yopish uchun esa jasadni xaltaga solib, qor ostiga ko‘mib yuborishadi.
Ayni vaqtda ayolning 36 yashar yangi xushtori va opasining 33 yashar eri ustidan sud mahkamasi boshlangan.
Muqaddam sudlanmagan erkaklar noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etish hamda qotillikda ayblanmoqda.