TOShKENT, 21 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekovni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Qirg‘iziston parlamenti nufuzli delegatsiyasining mazkur tashrifi joriy yil Toshkent va Bishkek shaharlarida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi.
Tomonlarning amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy siyosiy irodasi, turli darajadagi aloqalar va tashriflar faollashgani qisqa muddatlarda salmoqli natijalarga erishish va o‘zaro munosabatlarni aniq amaliy mazmun bilan boyitish imkonini bergani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida imzolangan Memorandumning amaliy ijrosi doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo hamkorlikning amaldagi mexanizmlari salohiyatidan foydalangan holda, muntazam va tizimli aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekov prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.
Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.