TOShKENT, 21 dek – Sputnik. Qrim respublikasiga noqonuniy tarzda olib chiqib ketilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasiga qaytariladi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Qrim bo‘yicha bosh tergov boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qrimlik Gulnora Emirova ismli ayol O‘zbekistonning vakolatli organlaridan ruxsat olmasdan hamda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirmasdan umumiy qiymati 1,2 mln rubl bo‘lgan muzey qimmatliklarini Qrimga konteynerda jo‘natib yuborgan.
Konteynerni tekshirish chog‘ida bojxonachilar va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari arab tilidagi 29 ta qo‘lozma hamda 16 ta sopol buyumni topishgan. Ayolda madaniy boyliklarni olib kirishga ruxsat beruvchi hech qanday hujjat bo‘lmagan.
“Tergovning barcha dalillarini inobatga olgan holda, sud Emirovaga uch yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi. Madaniy boyliklar hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin O‘zbekiston Respublikasiga qaytariladi”, — deyiladi xabarda.