TOShKENT, 6 dek – Sputnik. Qrim bojxonasi xodimlari konteynerlardan birini ko‘zdan kechirish chog‘ida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan arab yozuvida bitilgan 29 qo‘lozma va 16 qadimiy sopol buyumlar borligini aniqlashdi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bildirilishicha, ushbu buyumlarni 45 yoshli mahalliy ayol olib kirishga uringan. Uning yonida madaniy boyliklarni olib kirish uchun ruxsatnoma va bu buyumlar aynan ushbu ayolga tegishli ekanliligi haqida tegishli hujjat bo‘lmagan.
Bu esa uning O‘zbekistondagi tegishli organlar ruxsatisiz va tegishli bojxona hujjatlarisiz yuk konteynerini Rossiyaga yuborganini bildiradi.
Sud-san’atshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, 3 dona sopol buyum tarixiy-madaniy boylik hisoblanib, ular o‘rta asrlarda Samarqand kulollari tomonidan tayyorlangan. Ularning bozordagi qiymati 800 ming rubldan (13500 dollar) ortiqroq turadi.
Qrim transport prokuraturasi tomonidan ayolga nisbatan ayblov xulosasi tasdiqlandi va jinoyat ishi ko‘rib chiqish uchun Simferepol shahridagi Jeleznodorojniy tumani sudiga yuborildi.