TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov kuni kecha AQShning "Magnitskiy ro‘yxati" deb ataluvchi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Qodirov ushbu holatga kinoya bilan izoh berdi. U Vashington qarorini Amerikadan "mukofot" deb atadi va agar AQSh o‘zining butun boyliklari zaxirasini berganida ham, u davlatga hech qachon bormasligini ma’lum qildi.
"Amerikaga borib, u yerda biznes bilan shug‘ullanib, Manxettenda hisob raqamlarimni ochish haqidagi rejalarimni qirq yildan buyon pishitib kelardim. Endi esa Las-Vegasdagi kazinolarni ham, Bank of Americada saqlanayotgan milliardlarni ham ko‘ra olmayman", deb yozgan Qodirov o‘zining Instagram dagi sahifasida.
Qodirov inson huquqlari Chechenistonda emas, balki AQShda buzilayotganini qayd etdi.
U o‘z hayotini terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlagani uchun amerikaliklar uni kechira olmasligini qo‘shimcha qildi.
Cheklovlar AQSh hududiga kirishga ta’qiq qo‘yib, mamlakat hududidagi aktivlarning "muzlatilishini" nazarda tutadi.
Hujjatda qayd etilishicha, Qodirov, Vashington versiyasiga ko‘ra, "sudsiz va tergovsiz" yo‘q qilingan qotilliklarga daxldor bo‘lgan ma’muriyatni boshqaradi. Bundan tashqari, Amerika moliya muassasasi Checheniston rahbarini "o‘z siyosiy raqiblarga qarshi aksiyalar" o‘tkazishda gumon qilgan.