TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi, XIII yalpi majlisida so‘zga chiqqan mamlakat Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qator vazirliklar budjetdan ajratilgan mablag‘larni yil yakuniga kelib to‘liq sarflashga ulgurishmagani haqida ma’lum qildi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, 1-dekabr holatiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi — 60 milliard so‘m; Xalq ta’limi vazirligi — 40 milliard so‘m; Madaniyat vazirligi 8 milliard so‘m mablag‘ni ishlatolmay qolgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri holatga izoh berar ekan, "ortib qolgan" 60 milliard so‘mning 47 milliardi dori-darmonlarga ajratilgan mablag‘lar ekanligini qayd etdi.
Shodmonov vazirlik dori-darmonlarni qimmatligi uchun sotib olmaganini ma’lum qildi. Tekshiruvlar o‘tkazilganida, dori-darmonlarning o‘rtacha narxi 4%dan 8 %gacha oshirilgani oshkor bo‘lgan.
"Dorilar narxlari oshirilgani ma’lum bo‘lgach, tuzilgan shartnomalarni to‘xtatishga qaror qildik", — dedi vazir.
Sog‘liqni saqlash vaziri asbob-uskunalar sotib olishda ham shunday holat kuzatilganini qo‘shimcha qildi. "Biz 4ta davlatdan aylanib, sakkizta qo‘ldan o‘tgan uskunalarni sotib olishdan voz kechdik", — dedi u.
Shodmonov dori-darmon va asbob-uskunalarni optimal narxlarda sotib olish ishlari tez orada oxiriga yetkazilishini va xarid qilingan dorilar o‘z egalariga topshirilishini aytdi.
Budjetdan ajratilgan mablag‘lar yil yakunida "kuyib" ketmasligi uchun Moliya vaziri Qo‘chqorov dori-darmon uchun ajratilgan 47,7 milliard so‘mni dekabr oyining oxirgi kunlarida maxsus hisob raqam ochib, vazirlik nomiga o‘tkazib berishga va’da berdi.