TOShKENT, 12 apr — Sputnik. O‘zbek san’atining azim chinori, buyuk san’atkor, ovozi koinotda jarang topgan o‘zbek hofizi O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sohibi Sherali Jo‘rayev bugun 70 yoshga to‘ldi.
Yubiley munosabati bilan vodiymedia.uz saytida keltirilgan, jurnalist Karimberdi To‘ramurod uyushtirgan suhbatdan parchani e’tiboringizga havola etamiz.
- Sherali aka, yoshligingizdan bugungacha o‘zgarmas bir qoidaga amal qilasiz: konsertlarni ham, to‘y-hashamlardagi chiqishingizni ham albatta, Ona haqidagi qo‘shiq bilan boshlaysiz. Bugungi suhbatimizni ham onangiz haqidagi savol bilan boshlasak. Onangizdan nimalarni oldingiz? Onangizdan sizga nimalar o‘tdi?
– Dunyoning boshi asli onalar bilan-da. Dunyoda onadan ulug‘ zot yo‘q. Bilasizmi, aslida Allohdan keyin onalar, ayollar yaratuvchilardir. Ne-ne buyuk zotlarni Ona dunyoga keltiradi. Dunyoni titratgan zotlar ham Onaning bag‘rida ulg‘ayadi. Men onamning turmush mashaqqatlarida otam bilan yonma-yon turganlarini, otamiz uchun, farzandlar uchun fidoyi bo‘lganlarini ko‘rib katta bo‘lganman.
Sho‘ro yuz minglab qo‘yi, moli bo‘lgan bobolarimiz, otamizning bor-yo‘g‘ini olgach, hatto uysiz qolganmiz. Kapalarda, qirma-qir, o‘tovlarda yashaganmiz. Onamiz esa "Oqqan ariq bir kuni oqadi", deya sabr bilan yaxshi kunlar kelishiga ishonardilar. 1956-yilga kelib uyimiz bo‘lgan. Otamiz bilan birin-ketin farzandlarni tuproqqa qo‘yaverib, farzand dog‘ini chekkan ham, Allohdan so‘rab olgan qizlariga Tursunoy deb ism qo‘ygan, keyingi opamiz, Alloh umrini uzun qilsin, Gulsum opamiz, biz o‘g‘illarining kamolini kutgan ham onamiz bo‘ladilar. Uyimizdan mehmon uzilmagan. Hammasining xizmatini tinimsiz onamiz qilganlar. Onamiz ko‘rgan hamma qiyinchiliklarni men ham ko‘rib katta bo‘lganman.
Onamizdan menga u kishi so‘ylab bergan dostonlar, ertaklar, hayotiy hikoyalar, rivoyatlar o‘tgan. U kishi ulug‘ bobokalonlarimiz haqida, qaysi urug‘dan ekanimiz, qaysi azizlarning avlodlari ekanimiz to‘g‘risida aytib bergan tarixlar qon-qonimga singgan.
Bekorga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uch marta "Onangga, onangga, onangga, keyin otangga", demaganlar. Shuning uchun doimo qo‘limga soz olsam, eng avval onam va barcha onalarimizga ehtiromimni izhor qilaman.
– Sherali aka, shu o‘rinda bir qo‘shig‘ingizning yaratilish tarixi haqida aytib berishingizni iltimos qilmoqchiman. «Oqibat» deb nomlangan bu qo‘shig‘ingiz el orasida «Aka-ukalar» nomi bilan mashhur bo‘lib ketdi. Bu qo‘shiqni shunchaki eshitib bo‘lmaydi. Aqlu-hushi joyida odamni bu qo‘shiq titratishi aniq. Bunda aka-ukalar, ayniqsa opa-singillar va qizlarga e’tiborli bo‘lishga, ulardan xabar olib turishga otashin da’vat bor. Shu qo‘shig‘ingizni eshitishi bilan ko‘pchilik onasidan, aka-ukasidan, opa-singlisi yo qizidan xabar olishga otlangani haqida takror-takror eshitmoqdamiz.
– Bu qo‘shiqning yaralish tarixi bunday: ukam Halimjonni ko‘rgim kelib, uni hadeganda topolmay qoldim. Biroz betob deb eshitdim. Sabrim chidamay, kelinoyingizni Andijonga yubordim va u ukamdan xabar olib keldi. Shunda ko‘nglimga «Nega odamlar, aka-ukalar bir-birini qidirmay, yo‘qlamay qo‘ydi?» degan bir savol tushdi. Men-ku, ukamni qidirib topdim, ammo boshqalar topayaptimikan, deb ancha vaqt o‘ylanib yurdim. Sirdaryoning cho‘lidan o‘tib, bir yerga xizmatga ketayotganimda shu savollarga javob bo‘lib, bir satr ko‘nglimga tushdi. O‘zi o‘sha yerda nimagadir bir necha qo‘shiqlarimning so‘zi ko‘nglimga kelgan. Cho‘l, kenglik bo‘lgani uchunmikan, balki…
Ana shu satrlarni o‘qib berganimda akam yig‘ladi. "Nega yig‘laysiz?" desam, "Qirg‘izlar qo‘ylarini sug‘orish uchun quduqdan suv chiqarardi. Chig‘iriqni oyog‘idan sim bog‘lab qo‘yilgan tuya aylantirardi. Sim tuyaning oyoqlarini qiyib yuborganidan tuyaning oyoqlaridan qon oqardi, ammo u aylanaverar, vazifasini bajarib, quduqdan suvni tortib beraverardi. Ro‘zg‘or deb yelib-yugurishni o‘sha tuyaga o‘xshatdim", dedi. Opa-singillarimiz, qizlarimiz turmushga chiqishadi. Ular vazifam shu ekan deb, yangi tushgan xonadon sohiblarining ko‘nglini topish uchun ne ishlarni buyursalar, yelib-yugurib bajaraveradilar. Mana shu kelinlar oyog‘idagi tuzoq ekan. Yigitlar ham uylangach, bola-chaqasini boqish uchun, ro‘zg‘orni tebratish uchun o‘lib-tirilib tirishar ekan. Mana shu ularning oyoqlaridagi tuzoq ekan.
Ayniqsa, kelinlarga og‘ir ekan. Ular endi yangi xonadon sohiblari, kuyovi, qaynona-qaynotasi ruxsat bersagina birpasginaga ota-onasidan xabar olgani kelishar ekan. Ularning qosh-qovoqlariga qarab, oylab ota-onasidan, aka-ukalaridan xabar olishga borish uchun ruxsat so‘ray olmasdan yurishar ekan. Shuning uchun erkaklar, kuyov bolalar xotinlariga vaqti-vaqti bilan kelinlarga ota-onasinikiga borib kelishiga ruxsat berib turishi kerak ekan. «Qiz bola birovning xasmi» degan so‘zning ma’nosi shu ekanki, qizlarni boqar ekansan, katta qilar ekansan, o‘qitar ekansan, ammo u birovning omonati bo‘larkan.
Ulg‘aytirib, egasiga topshirar ekansan. Endi u kelin bo‘lib borgan uyida bir umr qolar ekan. Senikiga mehmonday kelib ketarkan, xolos. Shuningdek, bu qo‘shiqda aka-ukalar bir-biridan xabar olib turishi haqida aytdim. "Qol ey, hasrat, sen ham bizga yetib bo‘lmas uzoqlarda" deyishimdan maqsad shuki, uzoq vaqt ko‘rishmay yurgan og‘a-ini, opa-singillar bir-birlarini ko‘rishga borganlarida kech bo‘lib qolishi bor, bevaqt o‘tib qolishlar bor. Shunda bir ko‘rish armon bo‘lib qoladi bir-birlarini. Bu hasrat. Qo‘shiqda ana shu hasrat uzoqlarda qolsin, hasrat bizga begona bo‘lsin, aqtida bir-birimizni ziyorat qilib turaylik, deyilmoqchi.