TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan 2018-yil Qoraqalpog‘istonda 15 ming gektar yerlarga paxta o‘rniga qizil qalampir ekiladi.
Shu jumladan, prezidentga, eksportga chiqariladigan qizil qalampir bo‘yicha istiqbolli loyihani taqdim etishdi, deb yozadi "Novosti Uzbekistana".
Mutaxassislarning fikricha, qizil qalampir ekilgan bir gektar maydondan 15-20 tonnagacha hosil olish mumkin. Besh kilogramm hosildan 1 kilogramm quritilgan qalampir olinadi. Bu mahsulotning bir tonnasi jahon bozorida taxminan 8640 dollarga baholanadi.
"Yaqinda bir guruh mutaxassislar va tuman hokimlari bilan Indoneziyada komandirovkada bo‘ldik. O‘sha yerda eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha tajriba almashdik. 2018-yilda fermer xo‘jaliklarining 1000 gektar dala maydonlarida Indoneziyadan keltiriladigan qizil qalampirni yetishtiramiz. Bunda kam hosil beradigan paxta maydonlaridan foydalaniladi", — deb ta’kidlagan Beruniy tumani hokimi Farhod Ermonov.
Qoraqalpog‘istonda qalampirning chet eldan keltiriladigan navlari ekiladi. Ularning achchiqlik darajasi jahon standartlariga mos tushar va ular yaxshi eksport qilinar ekan. O‘zbekistonlik fermerlarga bu borada Indoneziyalik mutaxassislar yordam berishi kutilmoqda.