TOSHKENT, 24 okt — Sputnik. "Oʻztreyd" kompaniyasi Oʻzbekiston tarixida ilk bor Amerika bozoriga sarxil qovunlar yetkazib berdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.
Vazirlikning maʼlumot berishicha, bir tonna hajmidagi dastlabki partiya Nyu-Yorkdagi Uz-American Trade Corp savdo uyiga joʻnatilgan.
Bundan tashqari, "Oʻztreyd" AQShga umumiy qiymati 5,1 million dollarlik tekstil, quritilgan meva va boshqa mahsulotlar yetkazib berish boʻyicha eksport shartnomalari imzoladi.
Qayd etish joiz, Tashqi savdo vazirligi huzuridagi "Oʻztreyd" kompaniyasi Nyu-Yorkda yaqindagina savdo uyini ochgandi. Bunda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlariga amalga oshirgan safarining oʻrni beqiyos.
Savdo uyi bazasida oʻzbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari shou-rumi faoliyat koʻrsatadi. Savdo uyi eksport hajmini oshirish va Oʻzbekiston mahsulotlarining AQSH bozoridagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladi.