TOShKENT, 18 dek — Sputnik. MXX chegarani qo‘riqlash qo‘shinlari noyabr oyida davlat chegarasini buzgan 134 nafar shaxs va 1,5 milliard so‘mlik kontrabanda tovarlarini qo‘lga olishdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyida davlat chegarasini buzgan 134 nafar shaxs qo‘lga olindi. Jumladan, Qirg‘iziston bilan chegarada — 76 ta, Qozog‘iston chegarasida — 48 ta, Tojikiston chegarasida — 9 ta hamda Afg‘oniston chegarasida — 1 ta. Turkmaniston bilan chegarada huquqbuzarliklar qayd etilmagan.
"Chegara orqali 1,5 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlandi. Ular ichida maishiy texnika, parfumeriya va boshqa tovarlar bor. Ushlangan tovarlarning asosiy qismi Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegaralariga to‘g‘ri keladi", — deb ta’kidladi.
Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, 2-noyabr kuni Qirg‘iziston bilan chegarada Farg‘ona viloyatining Gorgaz qishlog‘ida 39 million so‘mlik elektr lampalar olib kirilishiga chek qo‘yildi. 17-noyabr kuni Quvasoy hududida kontrabanda tovar-moddiy boyliklarning boshqa qismi aniqlandi. Shuningdek, Qoziqo‘rg‘on mahallasida 76 million so‘mlik tovarlar aniqlandi.
"Kontrabandistlar hattoki himoya ostiga olingan noyob hayvonlarni qonunga xilof ravishda chegaradan olib o‘tishga urinishmoqda. Jumladan, 28-noyabr kuni Qozog‘iston bilan chegara qismida Sirdaryo viloyatining Yangihayot aholi punktida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida respublikaga 9 ta noyob lochinlarni olib kirishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Ekspertlar ushbu yitrqich qushlarni 303 million so‘m miqdoriga baholashdi", — deb qo‘shimcha qildi qo‘mita vakili.