TOShKENT, 15 noya — Sputnik. O‘zbekiston banklari 1-dekabrdan xorijga pul jo‘natmalarini so‘mda jo‘natishni yo‘lga qo‘yadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bugungi kunda o‘zbekistonliklarda xorijdagi, masalan, chet elda o‘qiyotgan yoki davolanayotgan yaqinlariga pul jo‘natish ehtiyoji katta. Ammo aholi hattoki konvertatsiya ochilganidan keyin ham pul jo‘natish xizmatidan to‘laqonli foydalana olmayapti, chunki banklar xorijga jo‘natish uchun faqat naqd xorij valyutasini qabul qiladi. Lekin tez orada vaziyat o‘zgaradi.
"1 dekabrdan boshlab ushbu xizmat joriy etiladi. Natijada chet elga pul jo‘natmoqchi bo‘lgan, lekin xorijiy valyutasi bo‘lmagan fuqarolar so‘mda pul jo‘natishlari mumkin bo‘ladi. Ular bankka milliy valyuta bilan kelishadi, bu yerda pul xorij valyutasiga konvertatsiya qilinadi va chet elga jo‘natiladi", — dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov Xalqaro press-klub yig‘ilishida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 5-sentabrdan boshlab jismoniy shaxslar banklarga valyutani bozor kursida sotish huquqiga ega bo‘lishdi. Xorij valyutasini sotib olish esa tijorat banklarining konversion bo‘limlarida xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar xalqaro operatsiyalar uchun banklardan xorij valyutasini cheklanmagan miqdorda sotib olishi mumkin.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistondagi banklar aholi va biznes vakillaridan bir yarim milliard dollardan ziyod valyuta sotib olgan.