TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Yangi tashkil etilgan O‘zbek milliy maqom san’ati markaziga rahbar tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, Jasur Jabborov bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Bunga qadar u O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy uyushmasi ma’muri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning noyabrida prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zbek milliy san’ati maqomni rivojlantirish to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekistonda Maqom san’ati markazi tashkil qilinib, markaz maqomni o‘rganish va uni ommaviylashtirish bilan shug‘ullanadi.
Markaz maqomning mumtoz va zamonaviy audio va videoyozuvlarini jamlab, ulardan maqomning "oltin fondi" tashkil qiladi. Undan tashqari turli yo‘nalishdagi maqom ijrolari notaga solinib ular ilmiy jihatdan o‘rganila boshlanadi.
Maqom haqida o‘quv kitoblari va ilmiy-metodik adabiyotlar paydo bo‘ladi. Ularning yordamida maqom musiqa ta’limida alohida fan sifatida o‘rganila boshlaydi.