TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekistonda benzin narxi o‘rtacha 39 foizga oshgan, noyabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, uning 0,5 foizi benzin narxi oshishi hisobiga to‘g‘ri keldi, deb xabar qqilindi 14-dekabr kuni "O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi vakillari bilan o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada.
Sessiyada ishtirok etgan mutaxassislar yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bir necha yillar davomida oshirilmaganini aytib, bu holat O‘zbekistonda neft-gaz tizimi korxonalarining oxirgi yillarda zarar bilan ishlashiga sabab bo‘lganini qayd etishdi. Natijada mahsulotlar taqchilligi yuzaga keldi.
Ta’kidlanishicha, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, xususan, benzin narxining oshishi neft-gaz korxonalarining samarali ishlashi, O‘zbekistonning barcha hududlarini benzin bilan ta’minlash, kelgusida yoqilg‘i-moylash mahsulotlari narxi yanada o‘sishining oldini olish imkonini yaratadi.
Yig‘ilishda shuningdek, yil yakunlari, ishsizlik darajasi, inflyatsiya darajasi, aholi va boshqa masalalar muhokama qilindi.