TOShKENT, 8 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Bugungi tarixiy sana arafasida men Prezident sifatida o‘zimning konstitutsiyaviy vakolatimdan foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan 2 ming 700 nafar shaxsni avf etish to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim. Bunday Farmon O‘zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilindi", — dedi tantanali tadbirda so‘zlagan nutqi davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bu safar mamlakatda har yili qo‘llaniladigan amnistiya aktlaridan nega voz kechilganini tushuntirib o‘tdi.
"Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi. Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham yo‘q emas", — dedi Mirziyoyev.
Prezident shuningdek, bunday holatlar ozod etilgan kimsalarda jazoni his etmaslik, "bizga hamma narsa mumkin", degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelganini qo‘shimcha qildi.
"Ana shu holatlarni inobatga olib, maxsus komissiya tomonidan jazo o‘tayotgan har bir shaxs bilan alohida suhbat o‘tkazildi, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikri o‘rganildi.
Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham e’tiborga olindi. Chuqur tahlil va o‘rganishlar natijasida chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaxslar avf etildi", — dedi prezident.
Mirziyoyev o‘z nutqi davomida, 2700 nafar emas, balki 10 ming nafar mahkumni kechirishga tayyor bo‘lganini aytib o‘tdi.
"Men 10 mingtaga ham tayyor edim. Ammo aksariyatining dunyoqarashi o‘zgarmagan ekan, qolaversa jamiyatimiz hali bunga tayyor emas. Buning uchun jamiyatimizda afv etilayotgan mahkumlarni kafillikka olish muhiti va mas’uliyati to‘la qaror topishi kerak.
O‘ylaymanki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi", — ishonch bildirdi Mirziyoyev.