TOShKENT, 13 dek – Sputnik. Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammitida Sharqiy Quddus Falastin davlatining poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqda Sputnik Turkiya xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, sammitda yakuniy deklaratsiya qabul qilingan.
“Sharqiy Quddusni Falastin davlatining poytaxti deb tan olamiz va barcha davlatlarni Falastin davlatini hamda Sharqiy Quddusni uning bosib olingan poytaxti sifatida tan olishga chaqiramiz”, — deyiladi deklaratsiyada.
Eslatib o‘tamiz, Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda sammiti Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Turkiyada bo‘lib o‘tgan IHT sammitida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ishtirok etdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Quddusni Isroil davlati poytaxti deb rasman tan olib, AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish bo‘yicha buyruq bergan edi.