TOShKENT, 13 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda birinchi marta nishonlanayotgan qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayramida yana bir muhim masala — kartoshkachilikni rivojlantirishga alohida to‘xtaldi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
Prezident buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega bo‘lgan mahalliy urug‘chilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etish kerak, deb qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti joriy yil aprel oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida kuzgi-qishki mavsumda kartoshka taqchilligiga barham beradigan loyiha- "Sharq" konserni taklifiga binoan tashkil etilayotgan kartoshka yetishtirish ilmiy markazi bilan tanishgan edi.
Mirziyoyev har bir viloyatda ushbu markazning Fanlar akademiyasi, "Sharq" konserni hamda agronomlardan iborat bo‘limlari va laboratoriyalari faoliyatini ham yo‘lga qo‘yish kerak, deb taklif kiritgan edi.
"Bu kichik masala emas. Bu nondir. Dunyoda inqiroz ketayapti. Kafolatlangan budjet negizida mana shu narsa yotadi. Bu innovatsiyadir", — degan edi Mirziyoyev.