TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Rossiyaning Uporovo shahridagi "KRiMM" agrofirmasi va AGROVER qishloq xo‘jaligi kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasiga oliy navli "Rozara" va "Red Skarlet" kartoshkasi urug‘idan 600 tonna yetkazib berishga shartnoma tuzdi. Bu haqda Tumenskaya liniya axborot agentligi xabar qildi.
O‘zbekistonga kartoshka urug‘ini yetkazib berishdan avval 2 ming tonna kartoshka yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzilgan edi. Shundan so‘ng tomonlar hamkorlikni kengaytirish qarorini qabul qildilar.
Kartoshka xorijga jo‘natilishidan avval jiddiy sifat nazoratidan o‘tadi. Dastlab urug‘lik korxona ichida yashirin zararlanganliklarga tekshiriladi. So‘ngra Rosselxozsentrning Tumendagi filiali urug‘likdan namunalar tanlab, mahsulotning muvofiqlik sertifikatini topshiradi. Mamlakatdan eksport qilish uchun, shuningdek, fitosanitar sertifikat beriladi.
"KRiMM"ning kartoshka urug‘ining ilk partiyasi O‘zbekistonga jo‘natib bo‘lindi. Qolgan urug‘lik 15-maydan kechiktirilmasdan to‘liq yetkazib beriladi, deb xabar qilgan "Uporovskoe vremya" telekanali.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev Rossiya O‘zbekistonga don, baliq va baliq mahsulotlari, urug‘lik kartoshka, shuningdek qandolatchilik mahsulotlari yetkazilishi hajmini oshirishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qilgan edi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.