TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti devoni tashqi siyosat bo‘limi mudiri Ayzada Subakojoyevaga tayanib Sputnik Qirg‘iziston xabar bermoqda.
Jeenbekov O‘zbekistonda 13-14 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Tashrif davomida moliya, fan va bojxona sohalaridagi hamkorlik jihatlari muhokama qilinadi hamda tomonlar tegishli hujjatlarni imzolaydi, degan Subakojoyeva.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tadbirkorlari o‘zaro uchrashuv o‘tkazishadi hamda Qirg‘izistonda avtomobil va maishiy texnika yig‘ish bo‘yicha zavodlar qurilishi masalasini muhokama qilishadi.
Xabarda aytilishicha, qirg‘iz-o‘zbek chegaralari bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilmagan.