TOShKENT, 12 dek —Sputnik. O‘zbekiston Respublika tovar xom ashyo birjasi onlayn auksionlar ishtirokchilari uchun “SMS xabar” yangi xizmat turini ishlab chiqdi va joriy etdi.
"Mazkur xizmatdan foydalangan holda avtohavaskorlar o‘zlarini qiziqtirayotgan avtoraqamlarning savdoga qo‘yilishi bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor tarzda olishlari hamda ma’lum lotga obuna bo‘lib, uning holatini muntazam ravishda kuzatib borishlari mumkin", — deyiladi O‘zRTXB xabarida.
Bu orqali mijoz o‘zini qiziqtirayotgan avtoraqam bo‘yicha savdo vaqtini o‘tkazib yubormaslik va sotib olingan avtoraqamni to‘lovini amalga oshirishning aniq vaqti va uni ro‘yxatdan o‘tkazish joyini bilib olish imkonini qo‘lga kiritadi. SMS xabarlar xizmat ulanishda ko‘rsatilgan telefonga kelib tushadi.
Birjaning yangi xizmatiga ulanish uchun avtoraqam.uzex.uz vebsaytining mijozlar uchun shaxsiy kabinetda "SMS" sahifasiga o‘tish va ofertani qabul qilishning o‘zi kifoya. Xizmat uchun oylik abonent to‘lovi 10 ming so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda shu yilning sentabridan chiroyli avtomobil davlat raqamlarini onlayn-auksionlar orqali sotish yo‘lga qo‘yildi.