TOShKENT, 12 dek – Sputnik. Toshkentda Kiyev bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avialoqani tiklashga bag‘ishlangan navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda uznews.uz.
Xabarda aytilishicha, bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev Kiyev shahar ma’muriyati raisi Vitaliy Klichko bilan uchrashuvi yakunlari haqida Ukraina nashriga bergan intervyusida aytgan.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bu masalaga ijobiy jihatdan yondashmoqda va bu borada murosaga kelish niyatida.
"To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaaloqalar tiklanadigan bo‘lsa, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va turistik oqim oshadi, asosiysi talaba yoshlar va aholining ehtiyoji qondirilgan bo‘ladi", – degan elchi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning bahorida ham bu borada muzokaralar bo‘lib o‘tgandi.