TOShKENT, 11 dek — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy-siyosiy ongi va dunyoqarashi, fuqarolik pozitsiyalarini vatanparvarlik asosida kamol toptirish maqsadida Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Konsepsiya loyihasida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy usullari: ishontirish; mashq qildirish va mustaqil ishlash; kuzatish; rag‘batlantirish; o‘rnak ko‘rsatish, shaxsiy namuna va boshqalar hisoblanadi.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari asosan to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqich 3-7 yoshdagilar, 2-bosqich 7-16 yoshdagilar, 3-bosqich 16-18 yoshdagilar, 4-bosqich 18-30 yoshdagilar kiradi.
Konsepsiyada kutilayotgan natijalar yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasi, Vatanni sevish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Konsepsiyasi loyihasi hususidagi taklif va istaklar shu yilning 15-dekabr kuniga qadar Mudofaa vazirligi elektron manzillariga yuborish mumkin.