TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Turkiya tomonining tashabbusi bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on o‘rtasida 2017-yil 11-dekabr kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Mirziyoyev davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror va yuksak taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan siyosatni yuqori baholagani uchun Erdo‘g‘onga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Muloqotda davlat rahbarlari joriy yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy, texnologik, moliya-sarmoyaviy, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida o‘zaro samarali aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammiti kun tartibidagi masalalar, jumladan, mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.