TOShKENT, 8 dek – Sputnik. 6-dekabr kuni O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi hamda "Tehno Dargoh" MChJ o‘rtasida uch tomonlama kelishuv memorandumi imzolandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu memorandumga ko‘ra O‘zbekistonning SMART turizm mamlakati sifatida xalqaro turizm bozoridagi imijini oshirish va sayyohlarga qulaylik yaratish uchun IT-texnologiyalaridan faol foydalanish maqsadida tomonlar "VERUM QR" qo‘shma loyihasini amalga oshirishning amaliy bosqichini boshladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda jahonda SMART turizm konsepsiyasi rivojlanib bormoqda, O‘zbekistonda esa bu texnologiya ilk bora QR-kodlar yordamida sayyohlarga taqdim etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida sayyoh QR kod tasviriga ishora qilgan holda bir necha soniyadan so‘ng o‘z smartfoniga 12 ta tilda oson va qulay ko‘rinishda O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari haqidagi barcha ma’lumotni qabul qilib oladi.
Shu bilan birga foydalanuvchilarga nafaqat sayyohlik obyektlari haqida, balki eng yaqin mehmonxonalar, restoranlar, san’at galereyalari va boshqa arxitektura hamda tarixiy yodgorliklar haqida ham ma’lumot beriladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va "Tehno Dargoh" mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida amalga oshirilgan dastlabki ish natijalari Xiva shahrida sinov tarzida ishga tushirilgan edi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi "O‘zbekiston Havo yo‘llari" MAK va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AK bilan samolyot yoki poyezd jo‘nashidan 24 soat oldin internet orqali elektron chiptalar hamda elektron ro‘yxatdan o‘tish platformasini joriy etish borasida ham ish olib bormoqda.
Qo‘mita axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi tomonlarni hamkorlik qilishga chaqirdi va O‘zbekistonda shu kabi loyihalarni hamkor sifatida amalga oshirish uchun tayyorligini bildirdi.