TOShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi "Chorvoq" erkin turistik zonasini barpo etish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Zonani yaratish uchun 100 million dollar ajratiladi. Farmonning matni mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan seshanba kuni e’lon qilindi.
"O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyat hokimligi, «Milliy energiya saqlovchi kompaniya» AJ, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Toshkent viloyati Chimon-Chorvoq kurort-rekreatsion zonasi hududida "Chorvoq" erkin turistik zonasi tashkil etish va ushbu erkin turistik zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar majmualar va turizm uchun mo‘ljallangan boshqa obyektlar barpo etish, shuningdek, zamonaviy injenerlik infratuzilmasi obyektlari yaratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin", — deyilgan prezident farmonida.
Respublikada yaratiladigan birinchi turistik zonasi erkin iqtisodiy zona maqomiga ega bo‘lib, barcha imtiyozlar bilan ta’minlanadi. Zona faoliyati muddati 30-yilga mo‘ljallangan bo‘lib, keyinchalik ushbu muddat uzaytirilishi mumkin.
Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga Chorvoq turistik hududida amalga oshiriladigan investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun 100 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasini ochish vazifasi topshirildi.
Chorvoq zonasining asosiy vazifalari zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi obyektlarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va ichki investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, mavsumiy dam olish hududlarini qamrab olish hisoblanadi.
O‘zbekistonda umumiy hisobda 14 ta erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan, ulardan 11 tasi shu yilning o‘zida tashkil etilgan. Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qator imtiyozlar beriladi, jumladan, ular soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Ushbu imtiyozlar kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3-yildan 10-yilgacha beriladi.