TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Moskva KXDR atrofidagi vaziyatni yumshatish borasida harakat qilinishi zarur, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
"Shimoliy Koreya bo‘yicha bizning nuqtayi nazarimiz o‘zgarmagan: vaziyatni yumshatish borasida harakat qilinishi shartligiga ishonchimiz komil", —dedi vazir Venadagi matbuot anjumanida.
"Ochig‘ini aytgan ma’qul: sentabrda amerikalik hamkasblarimiz bahorga qadar Koreya yarimoroli atrofida hech qanday harbiy mashg‘ulotlar rejalashtirilmaganini aytishgandi. Biz buni agar Pxenyan tomonidan xotirjamlik saqlansa, muloqot uchun qandaydir sharoitlar yaratilishiga tayyor bo‘lish deb qabul qilgandik", — qo‘shimcha qildi u.
Vazir Moskva bu xabarni “Pxenyanga yetkazgani va ular bunga rozi bo‘lishganini, ammo roppa-rosa ikki kundan keyin kutilmaganda oktabrda navbatdan tashqari, rejadan tashqari keng miqyosli mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qilishganini" aytdi.
"Bu mashg‘ulotlardan so‘ng Pxenyan keskin harakatlar qilmadi va shunda xuddi keskin harakatlar bo‘lishini istashgandek noyabr oxirida dekabrda yana bir mashg‘ulot bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. Tushunishimcha, AQSh va Koreya Respublikasi harbiy-havo mashg‘ulotlari tarixidagi eng yirik bu mashg‘ulotlar hozirda davom etmoqda", — dedi vazir.
"Mana shu mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tishi e’lon qilinganidan so‘ng qit’alararo raketa uchirildi", — dedi vazir va bu raketa uchirilishini oqlashga urinmayotganligini qo‘shib qo‘ydi. U Moskva bu harakatni qoralagani va Shimoliy Koreyadan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga rioya qilishni talab qilganini eslatdi.
"Ammo AQSh ularni navbatdagi raketani uchirishini xohlagandek ish tutdi va bunga erishdi", — dedi Rossiya TIV rahbari.