TOShKENT, 8 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 2017 yilda sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga oqlov hukmlari chiqarildi, deb aytib o‘tdi prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zlagan nutqi davomida.
O‘zbekiston rahbari, shuningddek, tergovning sifati yaxshilanib, tergovchilar mas’uliyati oshirilganini ma’lum qildi.
Shu davr mobaynida tergov organlari tomonidan 238 ta holatda jinoiy hodisa yuz bermagani aniqlandi. 302 ta holatda javobgarlikka tortish muddati o‘tgani, 370 ta holatda aybdorlar qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani inobatga olindi. 549 ta holatda qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgani, 1 ming 636 ta holatda qilmishda jinoyat tarkibi yo‘qligi isbotlandi. Ana shunday asoslarga tayanib, 3,5 mingdan ortiq jinoyat ishi tugatildi.
Har bir hukmning qonuniy va adolatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, qo‘shimcha qildi O‘zbekiston rahbari.
Mahalla fuqarolari yig‘inlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlari, xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligi asosida sudlanuvchilarga, ayniqsa, yoshlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari tayinlanmoqda. Ularning to‘g‘ri yo‘lga qaytishlari uchun yana bir bor imkoniyat berilmoqda.
Xususan, shu yilning o‘zida mahalla fuqarolari yig‘inlari kafilligi asosida — 152 nafar, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida — 18 nafar, xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligi asosida — 3 nafar, jami 173 nafar fuqaroga nisbatan jazo tayinlashda jamoatchilik kafilligi e’tiborga olindi. Bu fuqarolarning 38 nafarini yoshlar, 18 nafarini voyaga yetmaganlar, 11 nafarini ayollar tashkil etadi. Masalan, birgina Shayxontohur tumanida 15 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlashda mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafilligi e’tiborga olindi.
Ana shunday ishlar natijasida O‘zbekiston bo‘yicha 63 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 11 nafar shaxs javobgarlikdan ozod qilindi, 97 nafar shaxsga nisbatan yengilroq jazo turi qo‘llandi.
"Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi", — dedi prezident.
Mirziyoyev jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday ma’lumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qat’iyan taqiqlanishini, qiynoqqa solish, himoyaga bo‘lgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qo‘llash man etililishni, dalillarni soxtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilininishini aytib o‘tdi.