TOShKENT, 6 dek – Sputnik. Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan xalq deputatlari Kengashiga shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevni javobgarlikka tortishga rozilik olish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Andijon shahar hokimi, xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi raisi D.Rahmatullayev joriy yilning 16-oktabr kuni shahardagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligi holati yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan tekshirish o‘tkazilmoqda", deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Xabarda aytilishicha, D.Rahmatullayevning harakatlarida sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganligini inobatga olgan holda, Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan xalq deputatlari Kengashiga D.Rahmatullayevni javobgarlikka tortishga rozilik olish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan.
Hozirgi kunda mazkur taqdimnoma Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar hokimining shahardagi qator ta’lim muassasalari rahbarlarini haqorat qilganligi yozib olingan audioyozuv internetda keng tarqalib ketgan va muhokamalarga sabab bo‘lgandi.