TOShKENT, 2 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportiga tashrif buyurdi.
Bu yerda "Toshkent-4" xalqaro yo‘lovchi terminali qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda yangi inshoot loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari takomillashtirildi.
Loyiha O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning bank va jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangi xalqaro aeroportda soatiga 1,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Prezident mablag‘lardan samarali foydalanish, qurilish ishlarini boshlash uchun hududni tayyorlash va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shavkat Mirziyoyev xalqaro yo‘nalishlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan tanishdi, qayta qurilayotgan kutish zalini ham borib ko‘rdi. Bu yerda zamonaviy mehmonxona qurish, axborot texnologiyalari asosida zamonaviy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
"Aeroport O‘zbekistonning ostonasi. Shu bois bu yerda mehmonlar uchun barcha sharoit va qulayliklar bo‘lishi kerak", dedi prezident.