TOShKENT, 4 dek – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy bank prognoziga ko‘ra, 2017-yil yakuniga qadar inflyatsiya miqdori 12-14 %ni tashkil qilishi mumkin. Bu o‘tgan yilgiga (5,7%) nisbatan 2,5 barava ko‘p.
Mahsulot va xizmatlarning iste’mol baholari indeksi (IBI) bo‘yicha hisoblangan ushbu inflyatsiya miqdorida, asosiy o‘sish — oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarida kuzatilgan. Xizmatlar narxi esa – kamroq oshgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha narxlar o‘rtacha 9,4 % o‘sgan. 2016-yilning ushbu davrida o‘sish — 2,5 %ga kamaygan edi.
Eng sezilarli darajada narxlar mol, qo‘y va parranda go‘shti, shakar, ayrim turdagi meva-sabzavotlar narxlari o‘sgan. Ayrim sabzavotlar narxi oshishiga kasallik va zararkunandalar sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqalarining narxi oshishiga – ularni eksport qilish tufayli ichki bozorda hajmi kamayishi sabab bo‘lgan.
Xususan, yanvar-avgust oylarida sabzi eksporti 3-martaga, olma eksporti 2,3 martaga, pomidor eksporti 1,4 martaga ortdi. Tuxum eksportining yo‘lga qo‘yilishi ham uning ichki bozorda 10 %ga narxi oshishiga olib kelgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlar
Ushbu guruh mahsulotlar narxi 10,3 % ga oshgan. (2016 yilning mos davrida o‘sish — 7,2 % bo‘lgan edi).
Xususan, kiyim-kechaklar narxi 10,9 %, poyabzal narxi 10,2 %, qurilish mollari 10,7 %,asosiy maishiy mahsulotlar 11,5 %, yuvish va tozalash vositalari 11,2 %, madaniy mollar 9,5 %, aloqa vositalari 10,7 %ga qimmatlashgan.
Ushbu narxlarning oshishiga asosiy saba — valyuta kursining devalvatsiya qilinishi, deyilgan Markaziy bank xabarida.
Xizmatlar narxi
Xizmatlar narxi o‘rtacha 7,2 % ga oshgan. Undan uy-joy kommunal xizmatlar narxi — 6,8 %, yo‘lovchi tashish transporti xizmati 6,9 %, shu bilan birga temir yo‘l transporti 17,7 %, havo transporti 48,2 %, aloqa xizmati — 23,8 %, maktabgacha ta’lim xizmati narxi 8,3 % miqdorida oshgan.
Markaziy bank xabariga ko‘ra, inflyatsiya miqdorining keskin o‘sishining asosiy sababi – valyuta kursini devalvatsiya qilish, iqtisodiyotni kreditlash va pul massasi hajmlarini oshirish sabab bo‘lgan. Yil davomida yuzaga kelgan narxlar dinamikasini inobatga olib, yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12-14 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.