Salkam 15 ming dollarni O‘zbekistondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

© pixabayDollari SShA
Dollari SShA - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Samarqandlik fuqaro 9 ming dollardan ziyod valyuta va 330 ming rublga yaqin mablag‘larni bagaj sumkasining ichidagi sportivkasiga o‘ragan holda olib o‘tishga uringan

TOShKENT, 4 dek — Sputnik. 2017 yil 20-noyabr kuni Samarqand aeroportidan umumiy hajmi 120 million so‘mdan ortiq valyutani yashirincha yo‘l bilan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar qildi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi matbuot-xizmati.

""Samarqand-Sankt-Peterburg" aviareysi bilan uchib ketayotgan yo‘lovchilardan biri samarqandlik M.Xaydarov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovlar vaqtida ma’lum qilinmagan juda ko‘p miqdordagi ya’ni, 9420 AQSh dollari va 325 880 Rossiya rublini bagaj sumkasining ichidagi ko‘k rangli erkaklar sport kiyimiga o‘ralgan qora rangli "Jeep Buluo" nomli qo‘l sumkasiga bekitgancha olib o‘tishga uringani aniqlandi", — deyiladi xabarda.

Markaziy bank ilk bor O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralar miqdorini e’lon qildi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Samarqand bo‘limining ekspertiza dalolatnomasiga ko‘ra, fuqaro M.Xaydarovdan olingan Rossiya rubli va AQSh dollari banknotalari haqiqiy deb ko‘rsatilgan, olingan chet el valyutalarining umumiy miqdori 120 mln. 417 ming 120 so‘m 60 tiyinni tashkil etgan.

Hozirda, mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M. Xaydarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 182-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 240-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd chet el valyutasi olib kirilishi va olib chiqilishi ustidan nazorat jismoniy shaxslar bojxona chegarasini kesib o‘tayotganda bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o‘rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

Norezidentlarga esa O‘zbekistonga kirib kelayotganda o‘zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat etiladi.

Yangiliklar lentasi
0