TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Lola Karimova-Tillayeva Islom Karimov nomidagi Fondning unutilib borayotgan o‘zbek chitgarligi san’atiga bag‘ishlangan "Yo‘qotilgan jannatni izlab…" nomli navbatdagi ko‘rgazma loyihasini taqdim etdi.
Chitgarlik — amaliy bezak san’atining qadimiy turlaridan biri bo‘lib, yog‘och qoliplar yordamida matoga gul bosish jarayonidan iborat.
Karimovaning yozishicha, chitgarlik maktabi bir asrdan ko‘prok tarixga ega bo‘lib, XIX asr — XX asr boshlarida Toshkent, Buxoro, Xiva, Marg‘ilon va Namangan shaharlarida rivoj topgan va bugungi kunda ushbu hunarmandchilik turi yo‘qolib ketish arafasida turibdi.
Noyabr oyining so‘nggi kunida Toshkent fotosuratlar uyida ish boshlagan ko‘rgazmada o‘zbek chitgarligi san’atiga mansub mumtoz va zamonaviy uslubdagi matolar, shuningdek yog‘och qoliplarning turli na’munalari havola etilgan.
"XIX asrning oxiri — XX asrning boshlarida Toshkent, Buxoro, Xiva, Marg‘ilon va Namangan shaharlarida chitgarlik san’ati keng tarqalgan edi. O‘zining bejirimligi, qo‘llanishda qulayligi va arzonligi tufayli bunday matolar xalq orasida keng tarqalgan edi. Chitgar-ustalar matoni yaratish jarayoni murakkab bo‘lishiga qaramay, ushbu san’atda yuqori natijalarga erishdilar.
Ko‘rgazma 20-dekabrga qadar davom etadi.
Islom Karimov Fondining ilk ko‘rgazma loyihasi — ipakchilik san’atiga bag‘ishlangan "Avlodlarni bog‘lovchi rishta" nomli ko‘rgazma 2017-yil iyun oyida taqdim etilgan edi. Fond tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda va xorijda tarixiy-madaniy o‘zbek xalqi merosini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan tadbirlar, jumladan, konsertlar, taqdimotlar va ko‘rgazmalar uyushtiradi, O‘zbekiston ilm va san’at ahlining xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlaydi.