TOShKENT, 3 dek — Sputnik. 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Samarqand viloyat hokimligi tomonidan belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan internatda istiqomat qilayotgan yakka-yolg‘izlar va nogironlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga VSSB boshlig‘ining matbuot kotibi Eldor Muhammadiyev.
Shuningdek, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, "Mahalla" jamoat fondi va "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limlari hamda homiylar ko‘magida bayram dasturxonlari, konsert dasturlari tashkil etilgan hamda 200 nafar nogironlarning Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohati uyushtirildi.
"O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida 100 nafarga yaqin yakka-yolg‘izlar va keksalar viloyat oftolmologiya shifoxonasi mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli muolaja olishlari rejalashtirildi. Shifokorlar tomonidan berilgan tavsiyaga ko‘ra, ularning 60 nafariga "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ko‘zoynaklar tarqatildi", — dedi Eldor Muhammadiyev.